GM Uzbekistan kompaniyasi o‘zi ishlab chiqarayotgan bir qator avtomobillarning narxlarini oshirdi. Bu haqda, kompaniya “Ishonch telefoni”ga asoslanib, “Darakchi.uz” xabar bermoqda.

GM Uzbekistan avtomobillari. Foto: O‘zA

GM Uzbekistan avtomobillari. Foto: O‘zA

“Daryo”ning “O‘zavtosanoat”dagi manbasi ma’lum qilishicha, yangi narxlar 2015-yil 14-dekabr, dushanba kunidan amal qilishni boshlagan. Avvalroq mahsulot inventarizatsiyasi uchun yopilgan avtosalonlar ham aynan shu kuni ochilgan.

Xabar berishlaricha, dvigateli hajmi 0,8 litr bo‘lgan, uch silindrli Matiz, dvigateli hajmi 1,5 litr bo‘lgan Nexia SOHC modellari narxi tushgan. Qolgan barcha modellarning narxi oshgani aytilmoqda. Qayd etishlaricha, narxlar o‘rtacha 30 foizga oshgan.

Shu vaqtgacha milliy valyuta — so‘mda sotib olish mumkin bo‘lgan 1- va 2-pozitsiya Spark, Cobalt, Lacetti, Orlando va Malibu avtomobillari uchun to‘lov xalqaro plastik kartochkalar orqali AQSh dollarida amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan.

GM Uzbekistan vakillarining qayd etishicha, narxlarning o‘sishi kompaniya bilan imzolagan shartnomasi amalda bo‘lgan, avtomobil uchun belgilangan to‘lovning 85 foizini oldindan to‘lagan xaridorlarga ham ta’sir qiladi.

Foto: Facebook / “Voditeli Tashkenta”

Foto: Facebook / “Voditeli Tashkenta”

Izoh: Keltirilgan prays-list Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi “Voditeli Tashkenta” guruhidan olingan. Avtomobillarning aktual narxlari yuzasidan avtosalonlarga murojaat qilishingiz mumkin.