AQSh mudofaa vazirligining razvedka boshqarmasi Rossiya tomonidan Afg‘onistonning “Tolibon” ekstremistik guruhiga qurol-yarog‘ yetkazib berilgani borasida aniq ma’lumotlarga ega emas. Bu haqda idora rahbari general-leytenant Vinsent Styuart bayonot berdi, deb xabar qiladi “RIA Novosti”.
“Toliblar bilan suhbatlardan bilamizki, Rossiya ularga yordam taklif etgan, ammo men Rossiya rostanam toliblarga qurol yoki pul yetkazganining haqiqiy isbot-dalillarini ko‘rganim yo‘q. Rossiyada muhokamalar bo‘lgan, negaki u Afg‘oniston teatridagi yechimning bir qismi bo‘lishga intilmoqda”, — dedi harbiy amaldor Senatdagi eshituvlar chog‘ida.
Uning so‘zlariga qaraganda, Rossiya IShIDga qarshi kurashda “Tolibon”ni qo‘llab-quvvatlaydi, negaki uni Markaziy Osiyo va Rossiya uchun chinakam tahdid deb biladi.
Ilgari AQSh rasmiylari Rossiyani “Tolibon” harakatini qo‘llab-quvvatlashda bir necha marotaba ayblagan edi.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)