Ravshan Haydarov va Jasur Abduraimov o‘zaro o‘rin almashdi. 55 yoshli Haydarov O‘zbekiston U22 terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi, deb yozdi O‘FF matbuot xizmati.
Avvalroq Ravshan Haydarov “Paxtakor” bosh murabbiyligini qabul qilib, rahbariyat almashgach, faoliyatining yigirmanchi kunida ishdan bo‘shatilgandi. Uning o‘rniga esa O‘zbekiston U22 termasini boshqarayotgan Jasur Abdaraimov olib kelingandi.
O‘zbekiston U22 termasi 15-iyul kuni 2018-yil Xitoyda bo‘lib o‘tadigan Osiyo chempionati uchun saralash turnirini boshlaydi. Saralash o‘yinlariga BAA mamlakati mezbonlik qiladi.
Murabbiylik faoliyati davomida Ravshan Haydarov “Traktor” (1997—2001), “Paxtakor” (2002, 2006—2007, 2010—2011, 2017), “Qizilqum” (2012—2013), Samarqandning “Dinamo” (2013—2014) klublarida bosh murabbiy bo‘lib ishlagan.
Uning qo‘li ostida “Paxtakor” ikki martadan O‘zbekiston chempionati va Kubogida g‘olib chiqqan. Shuningdek, Ravshan Haydarov 2002—2005 yillarda O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi, 2007—2010 yillarda “Paxtakor” klubida bosh murabbiy assistenti, 2014—2015 yillarda O‘zbekiston U19 termasi ustozi lavozimida faoliyat yuritgan.
Izoh (0)