Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida davom etayotgan “Islom birdamlik o‘yinlari” musobaqasining 6-kuni O‘zbekiston terma jamoasiga 11 ta medal taqdim qildi.
Avvalroq O‘zbekistonlik ikki nafar bokschi – Mironshoh Ibragimov (-49 kg) va Abrorjon Qodirov (-52 kg) bronza medalini qo‘lga kiritgani haqida xabar berilgandi.
Og‘ir atletikachi Rustam Jangaboyev O‘zbekiston terma jamoasi hisobiga 8-oltin medalni taqdim qildi. +105 kilogramm vazn toifasida ishtirok etgan sportchi dast ko‘tarishda 193, siltab ko‘tarishda 238 kilogrammni o‘ziga bo‘ysundirdi.
Jami 431 kilogramm tosh ko‘targan o‘zbekistonlik sportchi musobaqa rekordini o‘rnatdi va eng yaxshi og‘ir atletikachi deb topildi.
Yana bir o‘zbekistonlik og‘ir atletikachi Ivan Yefremov (-105 kg) o‘z vazn toifasida bronza medaliga egalik qildi.
Taekvondo sport turi 17-may kuni O‘zbekiston terma jamoasiga 4 ta medal olib keldi. Dmitriy Shokin (+87 kg) kumush medalga sazovor bo‘ldi. Maksim Rafalovich (-80 kg), Nigora Tursunqulova (-67 kg) va Svetlana Osipova (+73 kg) bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Yengil atletika bo‘yicha o‘zbekistonlik paralimpiyachi Mansur Abdurashidov 100 metrga yugurish bahslarida kumush medalga erishdi.
O‘zbekistonlik yunon-rum kurashchilari Islomjon Bahromov (-59 kg) kumush, Rustam Assakalov (-98 kg) bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
O‘zbekiston terma jamoasi musobaqaning 6-kunidan keyin 8 ta oltin, 12 ta kumush, 23 ta bronza – jami 43 ta medal bilan 57 mamlakat orasida 4-o‘rinni band qilib turibdi.
Izoh (0)