Gruziya terma jamoasining tarixdagi eng yaxshi futbolchisi Shota Arveladze Toshkentning “Paxtakor” klubi rahbariyati bilan uchrashdi, deb ma’lumot berdi “Championat.asia” nashri.
Gruzin afsonasi “Paxtakor”ning “Buxoro” klubiga qarshi uchrashuvni stadionning o‘zidan tomosha qilgan. Bunda klub Arveladzeni bosh murabbiy rolida ko‘rmoqdami yoki yo‘q — aniq ma’lumot berilmagan.
Arveladze Gruziya terma jamoasi uchun eng ko‘p gol urgan futbolchi hisoblanadi — 60 ta o‘yinda 26 ta gol.
U futbolchilik vaqtida Turkiyaning “Trabzonspor”, Gollandiyaning “Ayaks” va “AZ Alkmaar”, “Shotlandiyaning “Reynjers”, Ispaniyaning “Levante” kabi klublarida to‘p surgan. Murabbiy sifatida Turkiyaning “Keysirispor” (2010—2012), “Qosimposhsha” (2012—2015), “Trabzonspor” (2015) va Isroilning “Makkabi” (2016—2017) klublarida ishlagan.
Arveladze mutaxassis sifatida katta yutuqlarga erishmagan. Bu boradagi faoliyatini u “AZ Alkmaar” klubida Lui Van Galga yordam berish bilan boshlagan.
Futbolchi sifatida esa “Ayaks” bilan Gollandiya chempionligi va kubogi, “Reynjers” bilan Shotlandiya chempionligi va kubogini qo‘lga kiritgan. 1994, 1998, 2007-yilgi mavsumlarda Gruziyaning eng yaxshi futbolchisi sifatida tan olingan. 1995/96-yilgi mavsum Turkiya chempionatining eng yaxshi to‘purari bo‘lgan.
Avvalroq Toshkentning “Paxtakor” klubi Jasur Abduraimov xizmatlaridan vaqtinchalik foydalanib, Braziliya yoki Yevropadan murabbiy olib kelishi mumkinligi aytilgandi.
Izoh (0)