Vashington KXDRga nisbatan olib borayotgan davlat terrorizmi siyosati AQSh uchun halokatli oqibatlarni keltirib chiqaradi. Bu haqda Koreya markaziy telegraf agentligi tomonidan 12-may, juma kuni chop etilgan memorandumda so‘z yuritiladi, deb yozadi “TASS”.
Axborot agentligi KXDR yuqori rahbariyatini chetlatish va rejimni almashtirishga erishish uchun Pxenyanga siyosiy, iqtisodiy va harbiy bosimni maksimal darajada kuchaytirish maqsadini qo‘ygan AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatini tanqid qildi. Hujjatga ko‘ra, AQSh va Janubiy Koreya maxfiy xizmatlarining respublika yuqori rahbariyatiga qarshi qaratilgan yaqindagi maxfiy operatsiyasi KXDRda katta norozilikni yuzaga keltirgan. “Jinoiy harakat”ni barbod qilishga erishilganligi haqida 5-may kuni KXDR davlat xavfsizligi vazirligi vakili tomonidan ma’lum qilingan edi.
Memorandumda ta’kidlanishicha, bunday vaziyatda KXDR armiyasi va xalqi o‘z-o‘zini mudofaa qilish maqsadida eng qat’iy javob choralarini qo‘llaydi.
“Oq uy halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan davlat terrorizmi siyosatining barcha plyus va minuslarini baholashi va Pxenyanga nisbatan dushmanlik munosabatini qayta ko‘rib chiqishi lozim”, — deyiladi memorandumda.
Izoh (0)