O‘zbekiston Prezidenti “Gaz ta’minoti tizimida bozor mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Bu haqda UzNews xabar bermoqda.
Hujjatga ko‘ra, joriy yilning iyunida tanlov natijalariga ko‘ra xususiy operatorlarga gaz ta’minoti obyektlari ishonch boshqaruviga topshiriladi.
Natijada xususiy korxonalar gaz taqsimlovchi tarmoqlar ekspluatatsiyasi va tabiiy gaz sotish funksiyalarini bajara boshlaydi. Komission mukofot puli tabiiy gaz realizatsiyasi narxining 21 foizidan oshmaydi.
Xususiy korxonalarga topshiriladigan 14 obyektdan iborat ro‘yxat tasdiqlangan. Har bir viloyatda, shuningdek, poytaxtda va Qoraqalpog‘iston respublikasida bittadan shunday obyekt joylashgan.
Quyidagi shartlar mavjud:
- xususiy operatorlar ishchilar sonidan qat’iy nazar Yagona soliq to‘lovchilari bo‘ladi;
- tabiiy va suyultirilgan gaz sotuvidan kelib tushgan mablag‘lar bevosita “O‘ztransgaz” AK hisoblariga kelib tushadi;
- xususiy operatorlar tabiiy gaz realizatsiyasini ishonch boshqaruvi haqidagi kelishuv asosida bunday faoliyatni amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasiz amalga oshiradi, shu bilan birga, litsenzion talab va shartlarni bajaradi.
2017-yil 1-yanvardan boshlab qarzlari tufayli gazdan uzilgan iste’molchilar qayta tarmoqqa ulanish chog‘ida eng kam oylik maoshning ikki barobarini to‘laydi.
Bundan tashqari, 1-oktabrdan e’tiboran hisoblagichga ega bo‘lmagan iste’molchilar tabiiy gaz uchun ikki barobar ko‘p pul to‘laydi. Zamonaviy elektron hisoblagichlar “O‘ztransgaz” AK hisobidan sotib olinib, o‘rnatib beriladi, iste’molchilar qarzini 1 yil ichida uzishi talab etiladi.
Izoh (0)