Bolalar va o‘smirlarni o‘z joniga qasd qilishga undovchi “Ko‘k kit” o‘yini ijtimoiy tarmoqlarning Meksikadagi segmentida paydo bo‘ldi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Michoakan shtati prokuraturasi qoshidagi kiberxavfsizlik bilan shug‘ullanuvchi politsiya boshqarmasi shunday mazmundagi ogohlantirishni e’lon qildi. Rasmiylarga ko‘ra, hozircha mazkur o‘yin bilan bog‘liq noxush hodisalar qayd etilmadi.
“Kibernetik politsiya ota-onalarni bolalarining ijtimoiy tarmoqlardan qanday foydalanayotganini kuzatib borishga chaqiradi. Ular farzandlari ushbu xavfli o‘yinga berilib ketishining oldini olishi lozim”, — deyiladi politsiya bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Dubay politsiyasi amirlikda “Ko‘k kit” o‘yini tarqalgani haqidagi xabarlarni inkor etgandi.