G‘uzorning “Sho‘rtan” klubini katta ehtimol bilan mamlakat Birinchi ligasi kutib turibdi. Bu haqda PFL yoki O‘FFning rasmiy qarori chiqib ulgurmagan bo‘lmasa-da, Xalqaro futbol uyushmasi FIFA yuqoridagi tashkilotlardan qarori ijrosini jiddiy talab qilayotgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda “Daryo”ning federatsiyaga yaqin manbalari xabar berdi.
Buning sababi “Sho‘rtan” 2011-yil jamoa safida harakat qilgan serbiyalik Urosh Milosavlevichdan qolib ketgan qarzini o‘z vaqtida to‘lab bermagan. FIFA qaroriga ko‘ra, PFL 2016-yilning 4-sentabr kuni “Sho‘rtan”dan 3 ochko olib tashlab, klubni jiddiy ogohlantirgandi.
O‘sha vaqtda “Sobiq futbolchisi Urosh Milosavlevich bilan shartnoma majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarmagani munosabati bilan va FIFA Tartib-intizom qo‘mitasining 2015-yil 9-oktabrdagi qaroridan kelib chiqib, ‘Sho‘rtan’ klubidan 3 ochko olib tashlanadi”, deb vaziyatga tushuntirish bergan PFL, “Sho‘rtan” klubi Urosh Milosavlevich bilan imzolagan shartnomasidagi aynan qaysi majburiyatlarini bajarmaganiga aniqlik kiritilmagandi.
Keyinroq mazkur vaziyat yuzasidan G‘uzor klubi ijrochi direktori Shodi Namozov “Futbol Ekspress” nashriga shunday intervyu bergandi.
Futbolchi bilan hisob-kitob oxirigacha qilinmagan ekan. Bunda anglashilmovchilik bo‘lgan. Klub futbolchidan qarzi yo‘qligini aytgan bo‘lsa-da, Uroshning Zoran ismli agenti FIFAga shikoyat bilan chiqish qilgan. Biz futbolchining qarzini to‘lash borasida ish olib bormoqdamiz. To‘lov miqdori ko‘proq.Vaziyat ijobiy yakun topmagach, FIFA O‘FF bosh kotibiga 2017-yilning mart va aprel oylarida ogohlantirish xati yozgan va unda “Sho‘rtan”ni Oliy ligadan tushirib yuborishni talab qilgan. FIFA Tartib-intizom qo‘mitasining bu qarori o‘z vaqtida bajarilmagach, aprel oyining so‘nggida O‘FF navbatdagi maktubni qabul qilib olgan.Bo‘lib o‘tgan ishlardan o‘zimiz uchun xulosa chiqardik. Bundan buyon futbolchilar bilan o‘z vaqtida hisob-kitob qilinadi. 2015-yil yakuniga ko‘ra o‘zimizning futbolchilardan ham qarzdorligimiz bor edi. Hozirga kelib buning 80—90 foizi to‘lab berildi. Tez kunda barcha qarzlardan qutulamiz.
“Sho‘rtan” 2017-yilgi mavsumda 8 ta uchrashuv o‘tkazib bo‘ldi. Klub mavsum o‘rtasida Birinchi ligaga yo‘l oladimi yoki mavsum so‘nggida — hozircha aniq emas. O‘FF bu borada FIFAga qanday tushuntirish bergani ma’lum emas.
Ma’lumot uchun, serbiyalik Urosh Milosavlevich 2011-yilgi mavsum birinchi yarmida “Sho‘rtan” sharafini himoya qilgan. Futbolchi o‘sha yil yozda O‘zbekistonning boshqa bir klubi — “Bunyodkor” a’zosiga aylangan. Hozirda 33 yoshda bo‘lgan Urosh Milosavlevich futbolchilik faoliyatini yakunlagan va futbol agenti sifatida faoliyat olib boradi.
Izoh (0)