O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 28-aprel kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida deputatlar birinchi navbatda fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilishga, ularning huquqlari va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lumki, oxirgi vaqtlarda uchuvchisiz uchish qurilmalari orqali havo hududidan ruxsatsiz foydalanish holatlari dunyo miqyosida tez-tez uchramoqda. Uchuvchisiz uchish qurilmalarining odamlar yig‘ilgan joylarga qulashi va ulardan aerodromlar hududlarida foydalanish holatlari kuzatilmoqda, bu esa salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 26-noyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining havo bo‘shlig‘ida uchuvchisiz uchish qurilmalaridan sanksiyasiz foydalanishda ogohlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori bilan uchuvchisiz uchish qurilmalarini olib kirish, sotish va qo‘llash taqiqlangan edi.
Biroq uchuvchisiz uchish qurilmalarini qo‘llash bilan bog‘liq havo hududidan ruxsatsiz foydalanganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi aniq normalarning qonunchilikda yo‘qligi huquqbuzarlarni jazolashga imkon bermas edi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi va Jinoyat kodeksi mazkur huquqiy kamchilikni bartaraf etishga qaratilgan moddalar bilan to‘ldirilmoqda.
Majlis davomida deputatlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vakolatlariga taalluqli boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqdi.
Izoh (0)