19-aprel kuni Xitoyning Xiaomi kompaniyasi Pekindagi prezentatsiya chog‘ida Mi 6 smartfonini, shuningdek, uning maxsus “keramik” versiyasini taqdim etdi. Bu haqda TJournal xabar bermoqda.
Mi 6 ning 5,15 dyuymli displeyi 1080x1920 o‘lchamga ega. OAVda ta’kidlanishicha, kompaniya an’anaviy dizaynni tanlagan: smartfon tepadan va pastdan hoshiyaga ega, chetlari ham qirrali emas. Xiaomi iPhone 7 yo‘lidan borib, 3,5 millimetrli jekdan voz kechdi.
Mi 6 ning barcha versiyalari 6 Gb operativ xotira, 8 yadroli Snapdragon 835 protsessori hamda 3350 mA/soat sig‘imli akkumulyatorga ega. Kompaniya vakillarining bildirishicha, smartfon birinchi marta 12 megapikselli orqa qo‘shkameraga ega bo‘ladi: ulardan biri keng burchakli, ikkinchisi esa sifatini yo‘qotmagan holda ikki karra tasvirni yaqinlashtira oladi. Frontal kamera 8 megapiksellidir.
Shuningdek, prezentatsiyada smartfonning Mi 6 Ceramic nomli keramik korpusli, kameralari 18 karatli oltin bilan hoshiyalangan maxsus versiyasi ko‘rsatildi.
Smartfon Xitoyda 28-apreldan sotuvga chiqariladi. Xiaomi Mi 6 ning narxi 360 dollarni tashkil etadi, bu versiyaning xotirasi 64 Gb. 420 dollarga esa 128 Gb versiyasini xarid qilish mumkin bo‘ladi. Keramik versiyaning qiymati 435 dollarni tashkil etadi.
Izoh (0)