Toshkentdagi “O‘zekspomarkaz” ko‘rgazmalar zalida “Sog‘liqni saqlash – TIHE 2017” ko‘rgazmasi boshlandi, deb xabar beradi O‘zA.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash, Tashqi savdo vazirliklari, Savdo-sanoat palatasi, “O‘zfarmsanoat” aksiyadorlik konserni, “O‘ztibtexnika” MChJ, Stomatologlar uyushmasi va ITE Uzbekistan xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi tomonidan hamkorlikda tashkil etilgan ko‘rgazmaning ochilishida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari B.Otaxonov so‘zga chiqdi.
Ko‘rgazmada 18 mamlakatdan 200 dan ortiq kompaniya ishtirok etmoqda. Belarus, Germaniya, Hindiston, Xitoy, Gollandiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Pokiston, Polsha, Rossiya, AQSh, Turkiya, Ukraina, Chexiya, Shveysariya, Estoniya, Janubiy Koreya, Yaponiyaning yetakchi ishlab chiqaruvchilari o‘z mahsulotlarini namoyish etmoqda.
Ularning orasida mahsulotlarining sifati va samaradorligi bo‘yicha dunyoda nom qozongan Samsung, Heinemann, Mindray, BTL, Chison kabi kompaniyalar bor.
Tibbiyot texnikasi va uskunalari, farmatsevtika mahsulotlari, xomashyo va texnologiyalar, stomatologiya uskunalari hamda estetik tibbiyotga oid stendlarni qamrab olgan ko‘rgazmada kasalliklarga aniq va chuqur tashxis qo‘yish, jarrohlik muolajalarini zamonaviy usullarda bajarishga ixtisoslashgan yuqori texnologiyalardan tortib laboratoriya-tahlil sohasida yaratilgan yangi ishlanmalar, neonatologiya, skrining xizmati, pediatriyaga oid ixtirolar, farmsanoat yutuqlari keng namoyish etilmoqda.
Ko‘rgazma doirasida laboratoriya va diagnostika sohasida qo‘llanilayotgan yangi texnologiyalardan foydalanishning samarali usullariga oid ilmiy-amaliy seminarlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)