Qozog‘istonning Chimkent shahrida MMA (aralash janglar san’ati) bo‘yicha turnir o‘tkazilib, unda o‘zbekistonlik jangchilar mezbon sportchilarga qarshi ringga chiqdi.
Jekpe-jek hamda RST-3 yo‘nalishi qoidalari umumlashtirilgan turnirda Khudyakov Team jamoasi safida ringga chiqqan o‘zbekistonlik olti sportchining barchasi zafar quchishga muvaffaq bo‘ldi. Ularning ayrimlari qozog‘istonlik raqibini muddatidan avval taslim etishga muvaffaq bo‘ldi, deb ma’lumot berdi “Olamsport”.
Birinchi bo‘lib rigga 56,7 kilogramm vaznda Humoyuddin Abdullayev ko‘tarildi. U raqibi Kuanish Nursultonni texnik nokautga uchratib, hisobni mehmonlar tomoniga oshirib berdi.
65,8 kilogramm vazn toifasida jang qilgan Akmal Xolboyev Jalgas Toxtasinovni mag‘lub etish uchun bir raundgina sarf etdi. Keyinroq esa Maqsadjon Yusupov hamda Elyor Normirzayev kabi sportchilar qozog‘istonlik jangchilardan ustunlik qilish uchun ikki daqiqadan kamroq vaqt sarfladi.
Shu kuni Khudyakov Team sardori Aleksandr Stolyarov ham jamoadoshlarining muvaffaqiyatli yurishini davom ettirdi. Superog‘ir vaznda Jumabek Alimbekovni yengish uchun unga bitta raundning o‘zi yetarli bo‘ldi.
MMA kechasining asosiy jangida Sirojiddin Eshonboyev qozog‘istonlik Yerjan Kenjegulovga qarshilik qildi. Uch raund davom etgan jang yakunida hakamlar bir ovozdan o‘zbekistonlik sportchini g‘olib deb topdi.
Izoh (0)