Milliy matbuot markazida “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi matbuot anjumani o‘tkazdi, deb xabar beradi O‘zA.
Anjumanda Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida savdo-logistika markazlari ishga tushirilgani, o‘tgan yili amalga oshirilgan 420 million dollarlik loyihalar evaziga qariyb 4,5 ming ish o‘rni yaratilgani haqida axborot berildi. Kelgusida Angor, To‘raqo‘rg‘on, Jizzax, Bulung‘ur, Bog‘ot tumanlarida logistika markazlari tashkil etish choralari ko‘rilayotgani qayd etildi.
Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston milliy sanoat ko‘rgazmasida “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi tizimidagi 90 dan ziyod korxona ham faol qatnashgani ta’kidlandi. Ma’lum qilinganidek, ko‘rgazmada joriy yil uchun 300 million, 2018-yil uchun esa 100 million dollarlik shartnomalar imzolandi. Rossiya bilan esa joriy yil uchun 600 million dollarlik mahsulot yetkazib berish borasida kelishib olingan.
Shuningdek, 2017—2018-yillarda umumiy qiymati 144,1 million dollarga teng bo‘lgan 254 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilishi e’tirof etildi.
Tadbirda joriy yilning birinchi choragi natijalariga ko‘ra, xolding tarkibidagi ho‘l va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari eksportiga ixtisoslashtirilgan “O‘zagroeksport” 101,8 ming tonna meva-sabzavotni eksportga chiqargani haqida aytib o‘tildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,7 ming tonna ko‘p demakdir.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)