Iroq Qurolli kuchlari vakili Yahyo Rasul IShID terrorchilik guruhi jangarilari hozirgi paytda mamlakatning yetti foizdan kamroq hududini nazorat qilayotganligini ma’lum qildi. Bu haqda Associated Press agentligi xabar bermoqda, deb yozadi “RIA Novosti”.
Rasulning so‘zlariga qaraganda, hozirda 30 ming kvadrat kilometrdan kamroq hudud guruh nazoratida bo‘lib, bu Iroq umumiy hududining 6,8 foizini tashkil etadi. General IShID faolligining avjida Iroqning 40 foiz hududini nazorat qilganligini eslatib o‘tdi.
Mosulni ozod etish bo‘yicha operatsiya bosh shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, 2016-yilning 17-oktabridan joriy yilning 8-apreliga qadar Iroq kuchlari IShIDning 6,5 mingdan ortiq bomba va 166 uchuvchisiz uchar qurilmasini yo‘q qilgan. Bosh shtabning ta’kidlashicha, 95 mingdan ortiq qochoq G‘arbiy Mosuldagi o‘z uylariga qaytgan.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)