Nissan avtokonserni 27-fevral kuni London, Milton-Kins va Bristol shaharlari yo‘llarida Nissan Leaf haydovchisiz avtomobillarni sinovdan o‘tkazdi, deb xabar bermoqda TJournal.
Mashina ichida kamida bitta muhandis bo‘lgan, biroq sinov davomida xodimlar atigi bir necha marta boshqaruvga aralashgan. Kompaniya xodimlarining ma’lum qilishicha, sinov vaqtida haydovchisiz avtomobillarning birortasi yo‘l-transport hodisasiga uchramadi.
Nissan haydovchisiz mashinalarni birinchi marta Yevropa yo‘llarida sinovdan o‘tkazgani ta’kidlandi. Muhandislar avtomobillar uchun ko‘plab yo‘l belgilari, chorrahalar, avtoturargoh va piyoda o‘tish joylari bo‘lgan yo‘llarni tanlagan. Sinov vaqtida avtomobilning maksimal tezligi soatiga 100 kilometrni tashkil qildi.
Kompaniya vakillarining aytishicha, politsiya faqatgina ichida haydovchi bo‘lgan prototiplarni sinovdan o‘tkazishga ruxsat bergan. Nissan Leaf 5 ta radar, 12 ta kamera va 4 ta lazer bilan jihozlangan.
Olingan ma’lumotlar Nissan’ning Tokio–2020 Olimpiya o‘yinlarida foydalanishi rejalashtirilgan keyingi versiya avtomobillari uchun kerak bo‘ladi.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)