Jahon boks seriyasi (WSB)ning VII mavsum “C” guruhi 2-turida Qozog‘istonning Astana Arlans jamoasi o‘z uyida O‘zbekiston bokschilaridan tashkil topgan Uzbek Tigers jamoasiga qarshi bahs olib bordi. Beshta jang natijasiga ko‘ra o‘zbekistonlik bokschilar 1:4 hisobida imkoniyatni boy berdi va mavsumdagi ketma-ket ikkinchi mag‘lubiyatini qabul qildi.
52 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasidagi bokschilar ringga ko‘tarildi. Unda Abrorjon Qodirov raqibi Oljas Sattibayevga 0:3 hisobida yutqazdi.
-60 kilogramm vaznda Rio—2016 bronza medali egasi Murodjon Ahmadaliyev Zokir Safiullinga 0:3 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Jamoalar o‘rtasidagi uchinchi bellashuvda -69 kilogramm vazndagi bokschilar kuch sinashdi. Unda Rio–2016 kumush medali sohibi Shahram G‘iyosov kutilmaganda 1:2 hisobida Aslanbek Shimbergenovga mag‘lub bo‘ldi.
Shahram G‘iyosov Riodagi muvaffaqiyatidan so‘ng o‘zini shou-biznesda ham sinab ko‘rdi.
Bokschi xonanda Shahzodaning “Billionaire” (“Milliarder”) nomli qo‘shig‘iga olingan klipida suratga tushdi.
Hech qanday ahamiyat kasb etmagan bo‘lsa-da, -81 kilogramm vazndagi Bektemir Meliqo‘ziyev O‘zbekiston hisobiga yagona ochko olib kelgan bokschi bo‘ldi. U Nurdaulet Jarmanovni 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
Nihoyat, so‘nggi bellashuvda eng og‘ir – 91 kilogrammdan og‘ir bo‘lgan bokschilar ringga ko‘tarildi. Bahodir Jalolov raqibi Kamshibek Kunkabayevga qarshi jang qildi va 0:3 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.
Eslatib o‘tamiz, Uzbek Tigers WSB’ning 2017-yilgi mavsumini China Dragons’ga uchralgan mag‘lubiyat bilan boshlagan edi. O‘zbekistonlik bokschilar navbatdagi – 3-turni 4-mart kuni Toshkentda, Rossiyaning Patriot Boxing Team bokschilariga qarshi o‘tkazadi.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)