Ukrainalik hujumchi Aleksandr Pishur G‘uzorning “Sho‘rtan” klubi mashg‘ulotlarida ishtirok etmoqda. Bu haqda “Voha.uz” sayti xabar berdi.
Pishur o‘zi bilan bir vaqtlar “Bunyodkor”da faoliyat olib borgan, ayni paytda “Sho‘rtan”ga ustozlik qilayotgan Aleksandr Volkovning taklifiga ko‘ra G‘uzorga yetib kelgan. Uning jamoada qolish yoki qolmasligi masalasi aniq emas.
Hujumchi bunga qadar Toshkentning “Bunyodkor” va Namanganning “Navbahor” klublari sharafini ham himoya qilgandi. U 2013—2014-yillar davomida “qaldirg‘ochlar” safida to‘p surib, 44 ta uchrashuvda jami 25 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan. “Navbahor”dagi yarim yilida esa 14 ta uchrashuv o‘tkazib, raqiblar darvozasini besh bor aniq nishonga olgan.
Ma’lumot uchun, Aleksandr Pishur faoliyati davomida jami 17 bor klub almashtirgan bo‘lib, 13 ta klub safida aylanib yuravergan. “Bunyodkor” va “Navbahor” klublari oralig‘idagi vaqt davomida Qozog‘istonning “Taraz”ida to‘p surgan.
29-yanvar kuni 36 yoshni qarshi olgan Pishur 15-fevral kuni bo‘lib o‘tadigan “Sho‘rtan”ning mahalliy klublarga qarshi ikki o‘rtoqlik o‘yinida ishtirok etishi mumkin.
Izoh (0)