Futbol bo‘yicha Osiyo Chempionlar ligasining guruh bosqichida ishtirok etish uchun harakat qilayotgan Qarshining “Nasaf” va Toshkentning “Bunyodkor” klublari ertaga — 7-fevral kuni pley-off o‘yinida maydonga tushadi.
O‘tish bosqichida Bahrayn chempioni darvozasiga javobsiz 4 ta gol urgan “Nasaf” Saudiya Arabistonining “Al-Fotih” klubiga qarshi kurash olib borsa, “Bunyodkor” Qatarda “Al-Jaish” bilan hisob-kitob qiladi. “Nasaf” ishtirokidagi o‘yin 20:00 da, “qaldirg‘ochlar”ning bellashuvi esa 20:15 da start oladi.
O‘zbekistonning har ikki klubi o‘yin bo‘lib o‘tadigan shaharlarga yetib keldi va uchrashuv o‘tadigan stadionda dastlabki mashg‘ulotini o‘tkazdi.
“Nasaf” futbolchilari Al-Ahsa shahriga yetib kelishi bilan Al Ahsa Inter Continental mehmonxonasidan qo‘nim topgan.
Qarshi klubining raqibi Saudiya Arabistoni Pro ligasida bor-yo‘g‘i 12-o‘rinni egallab turibdi.
“Bunyodkor” BAAdagi yig‘indan so‘ng Qatarga keldi va Dohadagi Warwick mehmonxonasidan joy oldi.
Toshkent klubining raqibi Qatar Yulduzlar ligasining kuchli to‘rtligida bormoqda.
Izoh (0)