Futbol bo‘yicha Qatar Yulduzlar ligasining 19-turida o‘zbekistonlik futbolchilar to‘p suradigan ikki jamoa o‘zaro to‘qnash keldi. Chempionlik uchun kurashni davom ettirayotgan Sardor Rashidovning “Al-Jaish” klubi o‘z maydonida Temurxo‘ja Abduxoliqov hamda Sanjar Shoahmedov harakat qiladigan “As-Sayliya”ni qabul qilib, 1:1 hisobida durang o‘ynadi.
Uchrashuvda hisob 23-daqiqaga kelib Sanjar Shoahmedov tomonidan ochildi. Bu gol uning Qatardagi pochin goli bo‘lib tarixga kirdi. Biroq “As-Sayliya”ga g‘alaba keltira olmadi. Taym so‘nggida “Al-Jaish” futbolchilari hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi.
Qayd etish kerak, “As-Sayliya” safida Temurxo‘ja Abduxoliqov ham 1 ta gol urib ulgurgan. U Qatardagi debyut o‘yinidayoq penaltidan foydalanib, jamoasiga g‘alaba tortiq qilgandi.
“Al-Jaish” yo‘qotilgan 2 ochko sabab kuchli uchlikka kirib olish imkoniyatini yo‘qotdi. “As-Sayliya” esa qo‘lga kiritilgan 1 ochko sabab bir pog‘ona yuqoriga ko‘tarilib oldi. Ahamiyatli tomoni, uchrashuvni uch o‘zbekistonlik boshlang‘ich tarkibda o‘tkazdi. Sardor Rashidov va Temurxo‘ja Abduxoliqov unda to‘liq harakat qilgan bo‘lsa, gol muallifi Sanjar Shoahmedov 80-daqiqaga kelib o‘z o‘rnini qatarlik futbolchiga bo‘shatib berdi.
Ma’lumot uchun, Sanjar Tursunov harakat qiladigan “Al-Haraytiyat” klubi ertaga — 4-fevral kuni 19-tur doirasida “Umm Salal” mehmoni bo‘ladi. Qiziq tomoni, Sanjar Tursunov o‘zining Qatarga ilk tashrifida aynan “Umm Salal” sharafini himoya qilgandi.
Qo’shimcha o‘rnida: 7-fevral kuni Toshkentning “Bunyodkor” klubi Osiyo Chempionlar ligasi pley-offida o‘zining tarbiyalanuvchisi to‘p suradigan “Al-Jaish”ga qarshi saf tortadi.
Qatar Yulduzlar ligasi 19-tur 2-fevral, payshanba
Izoh (0)