Modellar olamida belning 60 santimetrdan oshmasligi ideal o‘lcham hisoblanadi. Biroq bel o‘lchamingiz mazkur raqamlardan farqlansa ham to‘g‘ri tanlangan libos yordamida xushbichimroq ko‘rinishga ega bo‘lishingiz mumkin. Quyida ana shunday libos va aksessuarlar bilan bo‘lishamiz.
Ensiz kamar tanlang. Keng kamar belga bir necha santimetr qo‘shgani holda ensiz kamar uzun ko‘ylakda (rubashka) ajoyib ko‘rinish hosil qiladi. Kuzda to‘qilgan kardigan ustidan kamar taqish mumkin. Yangi mavsumda noodatiy to‘qa va mixparchinli kamarlar urfda. Bel uchun mo‘ljallangan kamar tos qismda taqiluvchi kamardan kaltaroq bo‘lishiga ahamiyat bering.
Bel qismi yuqorida bo‘lgan djinsi belga urg‘u berishni istagan qizlar uchun haqiqiy topilmadir. Bunday djinsilarni kaltaroq ustki kiyim bilan kiyish yoki odatdagi futbolka yoki ko‘ylakni shim ichiga kirgizib qo‘yish mumkin. Bunday shimlar juda tor bo‘lmasligi lozim.
Agar uzun yubkalar kiyinish uslubingizga mos kelmasa, tizzadan pastga tushib turuvchi yubkalarga e’tibor qarating. Bel qismiga rezina tasma qo‘yilgan keng yubkalar nafaqat belga urg‘u berishga balki keng sonlarni yashirishga ham ko‘mak beradi.
Bel qismi keng etakli yoki bel qismiga to‘r qo‘yilgan ko‘ylak oqshom obrazi uchun ajoyib tanlov bo‘la oladi. Bunday ko‘ylak ixcham aksessuar, masalan bir rangdagi klatch bilan uyg‘unlik hosil qilishi haqida unutmang.
Izoh (0)