Londonning “Vest Hem” klubi va nihoyat Dmitri Payetni “Marsel”ga qo‘yib yubordi. Futbolchi Fransiya klubi bilan 4,5 yillik kelishuvga erishdi, deb yozdi “Sports.ru”.
29 yoshli futbolchining rasmiy tanishtiruv marosimi bugun — 30-yanvar kuni bo‘lib o‘tadi. Qayd etish kerak, Payet “Marsel” sharafini 2013—2015-yilgi mavsumlarda ham himoya qilgandi.
Avvalroq “Marsel” Payet uchun 25 million funt to‘lab berishi aytilgandi. Narx borasida bir to‘xtamga kelinmagunicha “Vest Hem” fransuz klubining kamida 4 ta taklifini rad etib ulgurdi. “Marsel” inkor javoblardan keyin ortga tisarilmadi va futbolchini baribir qo‘lga kiritdi.
O‘tgan yilning sentyabr oyida Payet “Vest Hem” bilan shartnomasini uzaytirishga rozi bo‘lgani uchun 1 million funt bilan taqirlangandi. Biroq yanvar oyiga kelib futbolchi Londonni tark etish harakatiga tushib qoldi. Buning natijasida u asosiy jamoadan chetlashtirildi.
Joriy mavsum hisobidan Payet “Vest Hem” uchun 18 ta o‘yinda maydonga tushdi va 2 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Shuningdek, 6 ta golli uzatma ham berdi.
Ma’lumot uchun, Fransiya chempionatida 6-o‘rinni egallab turgan “Marsel” o‘tgan hafta “Yuventus”dan Patris Evrani ham o‘z safiga qo‘shib olgandi.
Izoh (0)