Fransiyaning “Marsel” futbol klubi Patris Evra bilan 1,5 yillik shartnoma imzoladi, deb xabar berdi “Sports.ru”. 35 yoshli himoyachi joriy mavsum so‘nggiga qadar Marsel shahri klubi sharafini himoya qiladi, kelasi mavsumni esa shu klubda to‘liq o‘tkazadi.
Bunga qadar Evra Turinning “Yuventus” klubi sharafini himoya qilayotgandi. 2014-yilgi mavsum “keksa senyora” bilan shartnoma imzolagan Evra “Yuventus” safida jami 53 ta o‘yinda maydonga tushdi va raqiblar darvozasini uch bor ishg‘ol qildi.
Evra “Yuventus” safida ketma-ket ikki bor Italiya chempionligi va kubogini qo‘lga kiritdi. Italiya Superkubogida zafar quchdi. Turin klubi bilan Yevropa chempionlar ligasining finaliga qadar yetib bordi.
Patris “Yuventus”ga qadar 2006-yilgi mavsum “Manchester Yunayted” bilan shartnoma tuzgan bo‘lib, yutish mumkin bo‘lgan barcha sovrinlarni qo‘lga kiritdi: besh bor Angliya chempionligi, to‘rt bor Angliya Superkubogi, uch bor Liga kubogi hamda bir martadan chempionlar ligasi va klublar o‘rtasidagi jahon chempionligi.
Senegalda tug‘ilgan va keyinchalik Fransiya fuqaroligini olgan Patris Evra Fransiya termasi safida 81 ta o‘yinda ishtirok etgan. U mamlakatni “Monako”dagi faoliyatidan keyin tark etgandi, qaytishi esa “Marsel” bilan bog‘liq bo‘ldi. Qayd etish kerak, “Monako” Fransiya chempionatida peshqadam bo‘lib turibdi, “Marsel” esa 7-pog‘onadan joy olgan.
Izoh (0)