Toshkentning “Bunyodkor” klubi uchun 2017-yilgi mavsum rasman 7-fevral sanasidan start oladi. Chempionlar ligasining pley-off turnirida “qaldirg‘ochlar” Sardor Rashidov to‘p suradigan Qatarning “Al-Jaish” klubi mehmoni bo‘ladi.
Mazkur o‘yinga tayyorgarlik ko‘rish uchun Sergey Lushchan boshchilik qilayotgan jamoa 30-yanvar kuni yana bir bor Amirlik yig‘iniga jo‘nab ketadi. 5-fevral kuni esa Abu Dabidan Qatarga yo‘l olinadi.
“Championat.asia” nashri ma’lumotiga ko‘ra, “Bunyodkor” tayyorgarlik davomida Janubiy Koreyaning “Chonbuk Motors” klubiga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushadi. Bellashuv 1-fevral kuni bo‘lib o‘tadi.
Qayd etish kerak, “Chonbuk Motors” Osiyo chempionlar ligasining 2016-yilgi mavsumida oltin medallarni qo‘lga kiritgandi. Keyinroq klubning Janubiy Koreya chempionatidagi kelishilgan o‘yinlari aniqlangani uchun OFK amaldagi chempionni 2017-yilgi turnirdan chetlatdi.
“Chonbuk Motors” nafaqat 2016, balki 2006-yilda ham qit’a chempionligini qo‘lga kiritgan. U Key ligada 4 bor zafar quchgan, Janubiy Koreya kubogini uch bor qo‘lga kiritgan. Jamoa safida ayni paytda Rikardo Lopes, Edi kabi braziliyalik futbolchilar to‘p suradi.
Izoh (0)