Janubiy Koreyaning Samsung konserni Vyetnamda elektron butlovchi qismlarni ishlab chiqarishni kengaytirishga 2,5 milliard dollar sarmoya kiritadi, deb yozadi “TASS”. Bunda gap smartfonlar uchun suyuq kristalli sensorli ekranlarni ishlab chiqarish haqida bormoqda, ularni Samsung’ning Vyetnam shimolida joylashgan ikkita yig‘uvchi korxonasi chiqaradi.
Dau tu gazetasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2017-yilning birinchi choragi oxirigacha Janubiy Koreya kompaniyasi rahbariyati va Vyetnam hukumati o‘rtasida muzokaralar tugashi va rasmiy investitsiya bitimi tuzilishi kutilmoqda.
2016-yilda Samsung Vietnam kompaniyasi mahsulotlarining xorijga sotilishi mamlakatga butun eksport daromadining 22,7 foizini keltirgan. Samsung’ning Vyetnamdagi zavodlarida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni tashqi bozorga yetkazib berishdan o‘tgan yili 39,9 milliard dollar daromad olingan, bu 2015-yilga nisbatan 9,9 foizga ko‘proq, demakdir.
Izoh (0)