Qatar Yulduzlar ligasi
“As-Sayliya” klubi bilan 1,5 yillik shartnomaga imzo chekkan o‘zbekistonlik futbolchilar — Sanjar Shoahmedov va Temurxo‘ja Abduxoliqov Yulduzlar ligasidagi dastlabki o‘yinida maydonga tushdi. Har ikki futbolchi uchrashuvni boshlang‘ich tarkibda o‘tkazdi. Soccerway ma’lumotiga ko‘ra, Shoahmedov 68-daqiqada o‘z o‘rnini qatarlik boshqa bir futbolchiga bo‘shatib bergan, Temurxo‘ja Abduxoliqov esa bellashuvni to‘liq o‘tkazgan.O‘zbekistonlik futbolchilarning tashrifi “As-Sayliya” uchun omadli bo‘ldi. Klub turnir jadvalida 6-o‘rinni egallab turgan “Umm Salal”ni yengib, ikki pog‘ona yuqorilashga erishdi.
Ma’lumot uchun, “As-Sayliya”ga g‘alaba keltirgan yagona gol 30-daqiqaga kelib Temurxo‘ja Abduxoliqov tomonidan urildi. Belgilangan penaltini qatarlik futbolchilar o‘zbekistonlik hujumchiga ishonib topshirdi. O‘z navbatida O‘zbekiston Oliy ligasi to‘purari mo‘ljalda adashmadi.
Qatar Yulduzlar Ligasi 17-tur o‘yini 20-yanvar, juma
“As-Sayliya” — “Umm Salal” 1:0
Gol: Temurxo‘ja Abduxoliqov, 30-pen (1:0).Sanjar Tursunov harakat qilayotgan “Al-Haraytiyat” 17-turni o‘z maydonida “Al-Xor”ga qarshi o‘tkazdi va 0:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. Avvalgi bellashuvlarda bo‘lgani kabi bosh murabbiy Sanjar Tursunovni to‘liq o‘ynatdi.
Qatar Yulduzlar ligasidagi o‘zbekistonlik to‘rtinchi futbolchi — Sardor Rashidov jamoasi “Al-Jaish” mazkur tur o‘yinini 22-yanvar kuni “Ar-Rayyan”ga qarshi o‘tkazadi.
Malayziya Premyer-ligasi
Malayziyaning quyi ligasida ishtirok etuvchi “Kuala Lumpur” futbol klubiga o‘tgan o‘zbekistonlik Bobur Akbarov ham ilk o‘yinida gol urdi va jamoasining mavsumdagi ilk g‘alabasiga hissa qo‘shdi.Mavsumning 1-turida “Kuala Lumpur” “Johor Darul Ta’zim-2” klubini qabul qildi va 2:1 hisobida muvaffaqiyat qozondi. “Championat.asia” ma’lumotiga ko‘ra, hisob mehmonlar tomonidan ochilgan. Akbarov esa 20-daqiqaga kelib muvozanatni tiklagan.
Malayziya Premyer-ligasi 1-tur o‘yini 20-yanvar, juma
Izoh (0)