Italiyaning 18-yanvar kuni qor ko‘chkisi ostida qolgan Rigopiano mehmonxonasidagi qidiruv-qutqaruv operatsiyasi chog‘ida tirik qolgan sakkiz jabrlanuvchi, shu jumladan, ikki bola topildi. Bu haqda, ANSA agentligiga asoslanib, Meduza xabar bermoqda.
Agentlik ma’lumotiga qaraganda, vayronalar ostidan chiqarib olingan jabrlanuvchilarning ahvoli yaxshi. Ular vertolyotda olib ketildi.
Dastlab olti kishi tirik qolgani xabar qilingan edi, ayni paytda qutqarilganlarning soni sakkiz nafarga yetdi.
Bundan tashqari, to‘rt murda topildi. 20 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.
18-yanvar kuni Italiya markazidagi tog‘larda joylashgan Rigopiano mehmonxonasi qor ko‘chkisi ostida qolib ketdi. Binoda, dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, 30 ga yaqin odam bor edi. Ob-havo sharoitlari yomonligi tufayli qutqaruvchilar guruhi mehmonxonaga 19-yanvarning ertalabki soatlarida yetib bora oldi. Ular ko‘chki tushgan payti mehmonxona tashqarisida bo‘lgan ikki kishini topdi, so‘ng qutqaruv ishlariga kirishib ketdi.
Izoh (0)