Qirg‘iziston poytaxti Bishkekning “Manas” aeroportida halokatga uchragan, Turkiya aviakompaniyalaridan biriga tegishli Boeing 747 samolyoti tranzit reysini amalga oshirayotgan edi va mahalliy aeroportda yuk tushirish huquqiga ega emas edi. Bu haqda aeroport rahbari Emir Chuquyev bayonot berdi, deb xabar qiladi “RBK”.
Ilgariroq Qirg‘izistonning “Ota Makon” muxolif partiyasi yetakchisi O‘murbek Tekebayev samolyot bortida kontrabanda yuki bo‘lganini xabar qilgan edi.
Jurnalistlarning shu haqdagi savoliga javob berarkan, Chuquyev samolyot “Manas”da yuk tushirish huquqiga ega bo‘lmaganini ta’kidlab o‘tdi.
“Samolyot ekipajining bu yerda tijoriy maqsadlari yo‘q edi”, — dedi u.
Qirg‘iziston ichki ishlar vaziri Almazbek O‘rozaliyev, o‘z navbatida, halokat joyida 300 kilogramm yuk topilganini ma’lum qildi. Tergov yakunlanganidan so‘ng yuk Turkiyadagi egalariga qaytariladi.
Izoh (0)