Adidas kompaniyasi poyabzalni additiv yo‘l bilan (3D-printerda) ishlab chiqarish bo‘yicha maxsus tezkor fabrikalar qurish rejalarini oshkor qildi. Bu haqda TJournal xabar bermoqda.
Yangi korxona Germaniyaning Ansbax shahrida joriy yil o‘rtalarida ishga tushiriladi. Bu yerda chiroyli krossovkalar va boshqa turdagi oyoq kiyimlari 3D-printerda chiqariladi. Ishlab chiqarish hajmi bir yil ichida yarim million juftni tashkil etishi rejalashtirilmoqda.
Shunga o‘xshash korxona AQShning Atlanta shahrida joriy yilning oxirgi choragida ish boshlaydi. Bu yerda yil oxiriga qadar 50 ming juft poyabzal ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.
Kompaniya vakillarining uqtirishicha, yangi loyihaning boshlanishiga asosiy sabab yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish muddatlarini qisqartirish ehtiyojidir. Ayni paytda yangi dizaynlarni loyihalashtirish va amalga oshirishga bir yilga yaqin vaqt sarflanadi, ammo yangi metodda oyoq kiyimlarini chiqarish ancha tezlashadi.
Bir oy muqaddam Adidas ilk bor 3D-printerda chiqarilgan poyabzalni chakana savdoga chiqardi. 3D Runner nomli krossovkalarning cheklangan partiyasi London, Nyu-York va Tokiodagi firma do‘konlarida sotildi. 333 dollar turuvchi poyabzalga bo‘lgan yuqori talab tufayli uni faqat oldindan buyurtma qilish mumkin bo‘ldi.
Izoh (0)