O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi to‘p suradigan Xitoyning “Chanchun Yatai” klubi Amirliklarning Dubay shahrida yig‘in o‘tkazmoqda. 16-yanvar kuni jamoa Sankt-Peterburgning “Zenit” klubiga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushdi, deb xabar berdi “Championat.asia”.
Uchrashuvning birinchi bo‘limidan keyin xitoylik futbolchilar 2 ta gol farqi bilan oldinga chiqib olishga erishgandi. Hisob ochuvchi golga esa Anzur Ismoilov mualliflik qilgan.
Biroq tayyor g‘alabani ushlab qolish “Chanchun Yatai” futbolchilariga nasib qilmadi. Ikkinchi bo‘limda piterlik futbolchilar 5 ta gol urib, yirik g‘alabani nishonladi. Kiritilgan gollarning 2 tasiga Artyom Dzyuba mualliflik qilgan bo‘lsa, yana 2 tasini Maurisio o‘z hisobiga yozib qo‘ydi. 1 ta gol Yuriy Jirkov tomonidan urildi.
Avvalroq O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Odil Ahmedov Xitoyning boshqa bir klubi “Shanxay SIPG” safida o‘zining birinchi golini kiritishga muvaffaq bo‘lgandi. Xitoy Super ligasida 2017-yilgi mavsum 4-mart kuni start oladi.
Izoh (0)