O‘zbek kino san’atining ulug‘ darg‘asi, mashhur rejissor, professor Shuhrat Abbosov kecha, 16-yanvar kuni 86 yoshga to‘ldi, deb yozadi “Darakchi.uz”.
Shuhrat Abbosov “Mahallada duv-duv gap” (1960), “Sen yetim emassan” (1962), “Toshkent – non shahri” (1967), “Abu Rayhon Beruniy” (1974), “Olovli yo‘llar” (1977—1985), “Otamdan qolgan dalalar” (1997), “Dilor, Dilor, dil va or” (2015), “Yana mahallada duv-duv gap” (2016—2017) filmlariga rejissorlik qilgan.
Shuhrat Abbosov SSSR xalq artisti, “Shuhrat” medali, “El-yurt hurmati” ordeni va o‘nlab xalqaro kinofestivallarda bosh mukofot sohibi bo‘lgan va eng yaxshi rejissor sifatida taqdirlangan.
Kinoijodkor Qo‘qon shahrida dunyoga keldi. U 1949-yilda Toshkent tibbiyot texnikumi, 1954-yilda Toshkent davlat madaniyat institutini, 1958-yilda VGIK (Butunittifoq kinematografiya oliy maktabi)da rejissorlik kursini tamomlagan. U o‘zining mehnat faoliyatini 1954-yilda Yangiyo‘ldagi Toshkent viloyati musiqali drama teatri bosh rejissorligidan boshlagan.
1958—1991-yillarda “O‘zbekfilm” kinostudiyasi rejissori, 1982—1986-yillarda kinostudiya direktori lavozimida ishlagan.
1983-yildan to hozirgi kunga qadar O‘zbekiston davlat madaniyat va san’at institutida professional mutaxassis va pedagog sifatida talabalarga ta’lim bermoqda.
Rejissorning 86 yoshga to‘lishi munosabati bilan tadbir tashkil etildi. Unda “Yana mahallada duv-duv gap” filmi ijodkorlari, Shuhrat Abbosovning shogirdlari, yosh rejissor va aktyorlar ishtirok etdi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)