Toshkentning “Lokomotiv” klubi safida O‘zbekiston chempionligi va mamlakat kubogini qo‘lga kiritgan, Osiyo chempionlar ligasida chorak finalga qadar yetib borgan Sanjar Shoahmedov faoliyatini Qatarning “As-Sayliya” klubida davom ettiradi. Bu haqda “Lokomotiv”ning Telegram’dagi kanali ma’lumot berdi.
Avvalroq o‘zbekistonlik futbol agenti San’at Sharipov “Lokomotiv”ning ikki nafar futbolchisi Qatarga ko‘chib o‘tishi haqida ma’lum qilgandi. Shundan keyin Oliy liga—2016 to‘purari Temurxo‘ja Abduxoliqov “As-Sayliya” klubi bilan kelishuvga erishdi. 17-yanvar kuni esa Sanjar Shoahmedovning ham shu jamoa safida to‘p surishi oydinlashdi.
Ma’lumot uchun, 14 ta jamoa ishtirok etadigan Qatar Yulduzlar ligasida “As-Sayliya” 16-turdan keyin 11-o‘rinni egallab turibdi. Mana shu klub Temurxo‘ja Abduxoliqov bilan bo‘lgani kabi, Sanjar Shoahmedov bilan ham 1,5 yillik kelishuvga erishdi.
Shu tariqa Qatar Yulduzlar ligasida to‘p suradigan o‘zbekistonliklar soni 4 nafarga yetdi. Sardor Rashidov “Al-Jaish” klubi sharafini himoya qilsa, Sanjar Tursunov “Al-Haraytiyat” a’zosi hisoblanadi.
O‘zbekiston chempioni bo‘lgan “Lokomotiv” esa qishki transfer bozorining o‘zida uch yetakchi futbolchisi bilan xayrlashdi. Temurxo‘ja Abduxoliqov va Sanjar Shoahmedovdan oldinroq Server Jeparov Eronning “Istiqlol” klubi safiga borib qo‘shilgandi.
Izoh (0)