Navoiy viloyatining Karmana tumanidagi “Karmana Al-Aziz Avitsenna” mas’uliyati cheklangan jamiyatida zamonaviy texnologiyalar asosida tabiiy giyohlarni quritish va qadoqlash yo‘lga qo‘yildi. Tadbirkor Shohrux Sharopov rahbarlik qilayotgan korxonada 7 kishi ish bilan ta’minlandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Tadbirkorlik faoliyatini boshlashda 20 ming dollar miqdoridagi shaxsiy sarmoya hamda “Asaka” bankning viloyat filialidan olingan 100 million so‘mlik kredit mablag‘i qo‘l keldi. Xorijdan zamonaviy qayta ishlash va qadoqlash uskunalari keltirildi.
2016-yil yosh tadbirkor uchun omadli keldi. “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan tashkil etilgan “Yosh tadbirkor — yurtga madadkor” tanlovining mamlakat bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, 65 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit olish imkonini beruvchi sertifikat bilan taqdirlandi.
Yosh ishbilarmon o‘tgan yili Xitoy Xalq Respublikasida tashkil etilgan xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etib, dorivor ekstrakt va qiyomlar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan zamonaviy texnologik liniyani xarid qilish bo‘yicha xorijlik hamkorlar bilan 100 ming dollarlik shartnoma tuzdi. Joriy yilning ikkinchi choragida ishga tushirilishi rejalashtirilayotgan ushbu loyiha asosida besh turdagi tayyor tabiiy dori vositalari ishlab chiqariladi.
Izoh (0)