2016-yilda O‘zbekiston iqtisodiyotiga 16,6 milliard AQSh dollari miqdorida yoki 2015-yilga nisbatan 9,6 foizga ko‘p investitsiyalar yo‘naltirildi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining mamlakatni 2016-yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini har tomonlama tahlil qilish hamda respublika hukumatining 2017-yil uchun iqtisodiy va ijtimoiy dasturi eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalarini belgilashga bag‘ishlangan kengaytirilgan majlisida aytildi, deb xabar beradi O‘zA.
O‘zlashtirilgan xorijiy investitsiyalar va kreditlar hajmi 11,3 foizga o‘sdi va 3,7 milliard dollardan oshib ketdi. Umumiy qiymati 5,2 milliard dollar bo‘lgan 164 ta yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish yakunlandi.
“JM O‘zbekiston” aksiyadorlik jamiyatida “T-250” modeldagi yengil avtomobillarni ishlab chiqarish o‘zlashtirildi, Jizzax viloyatida sement zavodi kengaytirildi, Tolimarjon issiqlik energiya stansiyasida quvvati 900 MVt bo‘lgan bug‘-gaz qurilmalari hamda Angren issiqlik energiya stansiyasida quvvati 150 MVt bo‘lgan yuqori kulli ko‘mirni yoquvchi energiya bloki ishga tushirildi.
Izoh (0)