Madaniyat va sport ishlari vaziri Bahodir Ahmedov 11-yanvar kuni bir necha fuqaroni qabul qildi, deb yozadi “Darakchi.uz”.
Uchrashuv chog‘ida fuqaro Ilya Lein sohadagi ijodiy faoliyatni takomillashtirish, professional san’atni to‘g‘ri yo‘naltirish, teatrlar faoliyatidagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha o‘z takliflarini izhor etdi. Uning taklif va tavsiyalari inobatga olinib, tizimdagi shu soha mutaxassislariga ko‘rsatmalar berildi.
Fuqaro Mirshod Mardonov ma’lum bir tashkilot qoshida bolalar teatri tashkil etish taklifini ilgari surdi. Vazir tomonidan unga javob sifatida “Bolalar teatr studiyasi” tashkil etish bo‘yicha konsepsiya ishlab chiqish, “Tomosha” bolalar teatr studiyasi hujjatlaridan andoza sifatida foydalanish, mazkur studiya rahbari Nodira Qurbonova bilan maslahatlashish tavsiya etilib, bu masalaga yana qaytilishi ta’kidlandi.
Fuqaro Mashhurbek Sattorov xonandalarning mualliflik huquqlarini talab qilib, ularning ko‘ngilochar (kafe, restoran, to‘yxona) maskanlardan tushadigan mablag‘lardan gonorar to‘lash tizimini tashkil qilish taklifi bilan chiqdi. B.Ahmedov taklifga javoban Sattorovning “O‘zbekteatr” IIChB qoshidagi “Ark madad” maxsus jamg‘arma mutaxassislaridan maslahat olishi, hujjatlar bilan tanishishini tavsiya etgan holda unga tizimdagi shu soha mutaxassisini biriktirdi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)