Har bir insonning o‘ziga xos dunyosi, yoshiga monand qarashlari bo‘ladi. Ko‘pning mehriga musharraf bo‘lgan ijodkorlardan biri, O‘zbekiston xalq artisti Mahmud Nomozov “Darakchi.uz” nashri savollariga tajribasidan kelib chiqib samimiy javoblar berdi.
“2017-yil uchun ko‘zlagan rejalarim bir talay. Bu yil muxlislarga konsert dasturi taqdim eta olmadim. Kelayotgan yilda esa konsert qo‘yishni maqsad qilganman. Ijodda yangiliklar qilish, yangi qo‘shiqlar yozish, ularga klip suratga olish kabilar haqida hozirdanoq fikr yuritayapman.
Jonli ijro, aslida, qiyin bir masala emas. Samimiy, qadrdon davralarda kayfiyat a’lo, salomatlik joyida bo‘lsa, bemalol 4-5 soat jonli ovozda kuylashim mumkin. O‘zingizga ma’lum, to‘ylarimiz ham to‘rt soatdan kam bo‘lmaydi. Mehmonlarning zavqini ko‘rib, biz ham charchoq nimaligini bilmay xizmat qilamiz.
San’atkor sifatida o‘zimga qo‘ygan cheklovlarim bor. To‘g‘ri, ko‘pchilikka taqiqlar yoqmaydi, ijod ahli chegara bilmaydigan erkinlik istaydi, deyishadi. Ammo bu degani odob-ahloq me’yorlari, qonun-qoidalarga ko‘z yumish mumkin degani emas. Urf-odatlarni, tamoyillarni hurmat qilish insonning o‘zini hurmat qilishidan darak.
Ruhshunos qabulida bo‘lmaganman. Lekin ularga ishonaman. Psixologiya oid kitoblarni o‘qib bildimki, ruhshunoslar aqlli va dunyoqarashi boy odamlar.
Sevgi... Katta harflar bilan yoziladigan tuyg‘u! Uni bir-ikki og‘iz so‘z bilan ifodalab bo‘ladimi? Inson sevib yashasagina yashaydi. Hayotga, Vatanga, oilaga, jufti haloliga, bolalariga muhabbat qo‘yish... Menimcha, cheksiz sevgini tuygan insonlar baxtlilar safida bo‘ladi.
Ayol uyda o‘tiradimi, ishlaydimi, erini tushunishi va ziyrak bo‘lishi lozim. Rafiqam mutaxassisligi bo‘yicha hamshira. Bir muddat ansamblda qo‘shiq kuylagan. O‘n kunlab xizmat safarlarida yurib uyga qaytganimda biror marta janjal bilan kutib olmagan. Men haqimda ham gap-so‘zlar bo‘lgandir, ularni ayolimga yetkazguvchilar ham topilgandir. Lekin biror marta dedi-dedilar bilan boshimni qotirmagan. Ehtimol, san’atimni tushunmaganida, san’atkor ekanligimni inobatga olib, muomala qilmaganida, bugungi darajaga erishmagan bo‘larmidim? Demoqchimanki, oilada kim karyera qilsa ham, ikkinchi tomonning unga to‘g‘ri munosabat bildirishi muhim”, — deydi Mahmud Nomozov.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)