Xitoy klublari faqatgina yulduz futbolchilarni xarid qilish bilan cheklanib qolmoqchi emas, ular o‘z tarbiyalanuvchilariga ham e’tibor qaratmoqda, deb yozdi “Sports.ru”.
Bunda gap mahalliy “Guanjou Evergrand” futbol klubi tomonidan asos solingan futbol akademiyasi haqida boradi. 120 gektar yer-maydoniga qurilgan akademiyaning ichida turar joy binolaridan tashqari, 50 ta futbol maydoni mavjud.
Akademiya a’zolari uchun, shuningdek, tennis, basketbol, voleybol maydonlari, basseynlar, trenajyor zallari qurib qo‘yilgan. Futbol akademiyasining ichidan kinoteart hamda kutubxona ham o‘rin egallagan.
185 million dollar sarflangan futbol akademiyasida bir vaqtning o‘zida 2,5 ming o‘quvchi tahsil olishi mumkin. Ularga futboldan soboq berish uchun Ispaniyadan 24 nafar mutaxassis olib kelingan. Murabbiylarning bari Madridning “Real” klubi bilan hamkorlik yo‘lida Xitoyga tashrif buyurgan.
Akademiyaning asosiy eshigi kiraverishiga 40 metr balandlikda jahon kubogining haykali o‘rnatilgan bo‘lib, bu yosh futbolchilarni buyuk g‘alabalar sari ilhomlantirishi ko‘zda tutilgan.
Ma’lumot uchun, “Guanjou Evergrand” Xitoyning amaldagi chempioni hisoblanadi. Klub 2013 va 2015-yilgi mavsumlarda Osiyo chempionlar ligasi g‘olibligini ham qo‘lga kiritgan.
Izoh (0)