O‘zbekistonlik futbolchi Farhod Tojiyev “T-Tim” safida yana bir bor dubl qayd etdi, deb yozdi “Championat.asia” nashri.
Tojiyevlar oilasining kichik vakili Malayziyaning “ATM” klubiga qarshi 3:1 hisobi bilan yakuniga yetgan o‘yinda 2 ta gol urib, “T-Tim”ning g‘alabasini ta’minlagandi. Shundan keyin klub futbolchiga shartnoma taklif qilgani haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. Biroq uning qanchaga mo‘ljallangani aytilmadi.
Kecha — 4-yanvar kuni “T-Tim” o‘tgan mavsumni vitse-chempion sifatida yakunlagan “Felda Yunayted”ga qarshi saf tortdi va o‘rtoqlik o‘yinida 3:2 hisobida g‘olib chiqdi. Farhod Tojiyev bu safar ham 2 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Qayd etish kerak, bir hafta muqaddam “Felda Yunayted” safida to‘p suradigan o‘zbekistonlik boshqa bir futbolchi Lutfulla To‘rayev shartnomasi tugab, yurtiga qaytib kelgandi.
“T-Tim” safida o‘zbekistonlik Dilshod Sharofutdinov ham to‘p suradi. Malayziya klubi, shuningdek, Shavkat Salomov va Pavel Smolyachenko kabi o‘zbekistonlik futbolchilarni ham sinovga chaqirgan. Biroq ularning taqdiriga oydinlik kiritilmagan.
Ma’lumot uchun, 3-yanvar kuni o‘zbekistonlik futbolchi Bobur Akbarov “Kuala Lumpur” klubi bilan 1 yillik kelishuvga erishdi va faoliyatini Malayziyada davom ettiradigan bo‘ldi. U o‘tgan mavsumni “Andijon” klubida o‘tkazgandi.
Sharqiy Osiyo mamlakatlaridan yana biri — Tailandning “Chainat Xonbill” klubi yangi yil oldidan “Andijon”ning sobiq futbolchisi — o‘zbekistonlik Javlon Guseynovni o‘z safiga qo‘shib olgandi.
Izoh (0)