41 yoshli argentinalik sobiq futbolchi Veron millionlar o‘yiniga qaytdi, deb xabar berdi “Sports.ru”.
U 2014-yilga kelib butsalarini mixga ilgan, keyin esa Argentinaning “Estudiantes” klubi prezidentiga aylangandi. 2017-yildan boshlab Veron aynan shu klub safida to‘p suradi. U 1,5 yillik shartnomaga imzo chekdi.
Avvalroq Veron yangi mavsumdan foydalanishga topshiriladigan stadionga muxlislar tashrifi yillik o‘rtacha 65 foizni tashkil qilsa, futbolga qaytishga va’da bergandi. Ko‘rinishidan klub prezidenti yana bir yil kutishni istamagan.
“Estudiantes” Argentina chempionatida 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan. Shu boisdan ham kelasi mavsum Libertadores Kubogida ishtirok etadi. Veron futbolchiligi uchun eng kam ish haqiga rozi bo‘ldi, uni ham klubni rivojlantirish yo‘lida sarf qilishini bildirdi.
Ma’lumot uchun, to‘liq ismi Xuan Sebastyan Veron bo‘lgan futbolchi o‘z vaqtida Argentinaning “Esdutiantes” va “Boka Xuniors”, Italiyaning “Sampdoriya”, “Parma”, “Latsio”, “Inter”, Angliyaning “Manchester Yunayted”, “Chelsi” klublarida to‘p surgan. Argentina milliy terma jamoasi uchun 73 ta o‘yin o‘tkazib, 9 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan.
Izoh (0)