Yakuniga yetgan mavsumni O‘zbekiston Oliy Ligasida o‘tkazib, Toshkentning “Bunyodkor” klubi sharafini himoya qilgan Bahodir Nasimov faoliyatini Janubiy Koreya Key Ligasida davom ettirishi mumkin. Bu haqda “Championat.asia” nashri ma’lumot berdi.
Nasimovning xizmatlari bilan aynan qaysi klub qiziqib qolganiga oydinlik kiritilmagan. Aytilishicha, u yangi yildan keyin Janubiy Koreyaga jo‘nab ketadi va nomi sir tutilayotgan klub safida tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Barchasi muvaffaqiyatli chiqsa, yangi shartnomaga imzo chekadi.
Hujumchi O‘zbekiston Oliy Ligasi doirasida 2016-yil hisobidan 26 ta o‘yinda maydonga tushib, raqiblar darvozasiga 8 ta gol urdi va jamoasining kumush medallarni qo‘lga kiritishiga hissa qo‘shdi. Nasimov hozirga qadar Samarqandning “Dinamo”, Qozonning “Rubin”, Bokuning “Neftchi”, Eronning “Padideh” klublarida to‘p surgan.
Janubiy Koreya Key Ligasida Bahodir Nasimovga qadar o‘zbekistonlik futbolchilardan Server Jeparov, Timur Kapadze va Aleksandr Geynrix o‘ynagan. Ular orasidan faqatgina Server Jeparov mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan.
Ma’lumot uchun, 2016-yilning dekabriga kelib uch nafar o‘zbekistonlik futbolchi xorij klubi safiga borib qo‘shildi. Fozil Musayev Yaponiyaning “Jubilo Ivata” klubi bilan shartnoma tuzdi. Javlon Guseynov esa faoliyatini Tailandning “Chainat Xonbill” klubida davom ettiradi. Va nihoyat Sanjar Tursunov Ukrainadan Qatarga qaytib kelib, karyerasini “Al-Xaraytiyat” klubida davom ettirishga qaror qilgan.
O‘zbekiston milliy terma jamoasini Samvel Babayan qabul qilib olganidan so‘ng mazkur uch futbolchi qatorida Bahodir Nasimovning ham terma lageridan qadami deyarli uzilgan.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)