Moskvalik Irina Fesenkoning shahar oziq-ovqat bozorida savdo qiluvchi o‘zbekistonlik yigit haqidagi hikoyasi so‘nggi kunlarda Facebook’ning O‘zbekiston segmentida eng ko‘p tarqatilgan va eng ko‘p o‘qilgan xabarga aylandi. “Daryo” Fesenko hikoya qilgan ibratli voqea tarjimasini e’tiboringizga havola qiladi.
Kun men uchun rutubatli kechdi. Tezroq uyga borib, isinishga shoshilardim. Yangi yilga ham juda oz vaqt qolgan. Moskva bolalar kasalxonalarida o‘tkaziladigan aksiya uchun hali mandarinlar sotib olmaganman (bayram muhitini yaratish uchun mandarinlar yoki biror boshqa shirinlik olib kelish kerak). Mashinani FudSiti tomon burdim.
Mana, apelsin, mandarin va xurmo isiga to‘lgan ikkinchi rasta. Yo‘laklarni to‘ldirgan aravachalar orasida urilib-surilib, Abxaziya mandarinlarini izlayman. Turkiya, Serbiya mandarinlari, mana, nihoyat, “Abxaziya” yozuvini ham ko‘rdim. Totib ko‘raman, yo‘q, Abxaziyaniki emas. “Onam haqi qasam ichaman, Abxaziyaniki”, deydi sotuvchi. Nima keragi bor bunday yolg‘onning?
Uch quti Serbiya mandarinlarini sotib oldim (ular ham mazali), aravakash yolladim, boyligimni aravaga ortdik-da, chiqish tomon harakatlanayapmiz. Manzilga yaqinlasharkanmiz, asta sekinlashdik — pilla bilan o‘ralgan o‘zbek qovuni “bayram stoliga meni ham olib ket”, deb turgandek edi. Qovunni o‘lchab berarkan, sotuvchi: “Bir o‘zingiz uchun juda ko‘p mandarin sotib olibsizmi?”, deb so‘radi.
Yo‘q, bu bolalar uyidagi bolalarga, Yangi yil uchun, dedim. Rus tilida qiynalib gapirayotgan sotuvchi mandarinlarni qayerga olib borishimni yana bir marta so‘radi-yu, yuzi jiddiy tortdi. U xurmo to‘la katta qutini oldi-da, oldimdan kesib o‘tib, aravachaga qo‘ydi: “Ol, mening nomimdan bolalarga berasan”. G‘alati bo‘lib ketdim: olsammi-olmasammi, yana... tekinga.
U yana savol bera boshladi: “Nima, u bolalarning onasi yo‘qmi?”. Ularning onasi borligi, biroq ular kasalxonada yotishi, aksariyati bedavo xastalikka chalingani va biz ular uchun kichik bir bayram uyushtirib bermoqchi ekanimizni aytdim. Sotuvchi zo‘r pishgan o‘zbek pomidorlariga to‘la qutini olib, uni ham aravachamga qo‘ydi. “Bunisi ham bolalarga”.
“Yo‘q, kerakmas, balki bu ularga mumkin ham emasdir”, — deyman yig‘lagudek bo‘lib (ichimda bu yigitga qanday qilib minnatdorchilik bildirish mumkinligini bilmay garang edim). “Mumkin, men bilaman, mumkin, — dedi u. — Faqat bularni bolalarga berayotganingda, ‘Alloh, Umarni ham taqdirlagin’, deb aytgin”.
Mashinaga yaqinlasharkanman, ortimdan sovg‘alarga to‘la aravacha kelardi. Nimagadir ko‘zim yoshlanib ketdi, hiqildog‘imga ham nimadir tiqildi. Ha, bizning dinlarimiz farqli, biroq ularning har birida mehr va hamdardlik, hurmat va yaqinlar haqida qayg‘urish hissi bor. Rahmat senga, Umar! Xudo panohida asrasin!
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)