Janubiy koreyalik atoqli adib Li Mun Yolning “Oltin qanotli qush” asari o‘zbek tilida chop etildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, “Davr-Press” nashriyot-matbaa uyi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi hamkorligida o‘tkazilgan “Oltin qanotli qush” kitobi taqdimotida Li Mun Yol asarlarida o‘z davrining o‘tkir siyosiy, huquqiy, ijtimoiy muammolari, inson ruhiyatining eng murakkab qirralari yuksak mahorat bilan tasvirlangani haqida so‘z yuritildi.
Tadbirda yozuvchi va shoirlar, tarjimonlar, adabiyotshunos olimlar, koreys tili va adabiyoti bo‘yicha mutaxassislar, Janubiy Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari, o‘qituvchilar, talabalar va jurnalistlar ishtirok etdi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Baxtiyor Nazarov, Janubiy Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi Bosh konsuli Che Djong Xo va boshqalar davlatlararo madaniy aloqalarni mustahkamlash, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish jarayonida yosh avlodni jahon adabiyoti asarlari bilan tanishtirish, umumbashariy qadriyatlarni targ‘ib etuvchi ijod mahsullarini xalqimizga yetkazishga qaratilayotgan e’tibor yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi.
“Li Mun Yolning ‘Oltin qanotli qush’ qissasini o‘zbek kitobxonlari yaxshi kutib olishiga ishonamiz, — dedi ‘Davr-Press’ nashriyot-matbaa uyi bosh muharriri Asror Mo‘minov. — Chunki unda ilgari surilgan g‘oyalar xalqimiz ruhiyatiga juda yaqin. Qissada rassom va xattot Ko Chjuk hayoti hikoya qilingan. Ustoz va shogirdning biri-biriga bo‘lgan munosabati, ustoz o‘gitining tarbiyaviy jihatlarini tarjimon Erkin Ernazarov mohirona ko‘rsatib bera olgan. Bu asar o‘quvchi tafakkuri va dunyoqarashini boyitish bilan birga davlatlararo do‘stlik, hamjihatlik va adabiy aloqalarni mustahkamlashga ham xizmat qiladi”.
Ishtirokchilar mavzu doirasida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldi.
Adib Li Mun Yol — Janubiy Koreya adabiyotining yorqin namoyandasi. U “Chegarada”, “Inson farzandi”, “Imperator haqi”, “Qahramon davri” kabi asarlari bilan koreys xalqining e’tiborini qozongan. 1982-yilda e’lon qilingan “Oltin qanotli qush” asari yozuvchi ijodida alohida o‘ringa ega.
Izoh (0)