Rossiyaning “Birinchi” telekanali 12 yildan buyon xokkey bo‘yicha keyinchalik shu kanal nomi bilan yuritiladigan (2010-yildan) kubok musobaqasini translyatsiya qilib kelardi. Bu haqda telekanalning Facebook sahifasida ma’lumot berilgan.
Musobaqaning 2016-yilgi mavsumida Rossiya, Chexiya, Finlyandiya, Shvetsiya kabi terma jamoalar ishtirok etayotgan bo‘lib, “Birinchi kanal” ular ishtirokidagi bellashuvlarni translyatsiya qilishni rejalashtirgandi. Biroq kanal turnir davom etayotgan bir vaqtda o‘zi o‘tkazadigan musobaqani olib ko‘rsatishdan voz kechdi. Mazkur holat telekanal matbuot xizmati tomonidan quyidagicha tushuntirildi:
“Biz xokkey bo‘yicha ‘Birinchi kanal’ Kubogini translyatsiya qilmaslikka majbur bo‘ldik. O‘lchovlar ko‘rsatdiki, sport translyatsiyalari vaqtida telekanal auditoriyasi kamayib ketadi. TNS hisobotiga ko‘ra, kechagi uchrashuv 6,3 foizlik ko‘rsatkich bilan tomosha qilingan. Vaholanki bu vaqtda (19:00 — 21:00) telekanalni odatiy rejimda juda katta auditoriya kuzatib borardi”.
“Telekanal byudjet tomonidan moliyalashtirilmaydi. U o‘zini reklama orqali boqadi, shu boisdan ham tijorat talablarini chetga surib qo‘ya olmaymiz”.
“Birinchi kanal” o‘zining xokkey rivojiga qo‘shgan hissasi, mamlakatda bu sport turiga qiziqish kamayib ketganida ham, uning transliyatsiyalarini amalga oshirgani haqida tushuntirgan. Yakunda esa “Birinchi kanal” Kubogini translyatsiya qilish huquqini “Match-TV” telekanaliga taqdim etgani haqida bayon qilgan.
Bloger Maksim Aleksandrov mazkur voqea yuzasidan “Sport.ru”dagi sahifasida tanqidiy maqola chop etdi. U o‘z chiqishida “Birinchi kanal”ni ayovsiz tanqid qildi.
“‘Birinchi’ o‘z nomi bilan yuritiladigan turnirni ko‘rsatishdan bosh tortdi. Ajoyib, shunday emasmi? Agar bu holat musobaqa boshlanguniga qadar yoki keyinroq bo‘lganida, tushunardim. Biroq buning musobaqa davom etayotgan bir paytda bo‘lishi jiddiy ish emas, mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi, professionallikdan uzoq. Boshqacharoq aytganda, shunchaki kolxoz”, — deb fikr bildirgan bloger.
“Tomoshabinlarga munosabatdan yana nima muhim bo‘lishi mumkin? Umuman bu kanal futbol va xokkey translyatsiyalari vaqtida mamlakat madhiyasini qo‘ymaslikka yoki kesib tashlashga odatlangandi. Yoki umuman 5-10 daqiqalik kechikish bilan translyatsiyani boshlardi. To‘g‘ri, kuyov o‘ziga kelin qidirib yurgan va asosan uy bekalari tomosha qiladigan loyihalar mamlakat uchun muhimroq!”, — deb kesatilgan jumlalarni uchratish mumkin maqolada.
Bloger fikriga ko‘ra, “Birinchi kanal” Malaxov olib boradigan yoki umuman intrigaga sabab bo‘ladigan, oilalarning buzilib ketishi, kimningdir kimgadir xiyonat qilishi haqidagi ko‘rsatuvlar bilan o‘ralashib qolgan. Ularda uzilish yoki kechikish bo‘lishi mumkin emas, biroq mamlakat madhiyasini bemalol kesib tashlasa ham bo‘laveradi.
Ma’lumot uchun, O‘zMTRKning “Sport” telekanali ham reklama sababli O‘zbekiston madhiyasining yarmidan ko‘pini kesib yuborgan holat kuzatilgandi. Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi ishtirokidagi o‘yinni televizor orqali tomosha qilganlar futbolchilar madhiyani qanday aytayotganini ko‘ra olmay qolgandi.
Izoh (0)