AQShlik 51 yoshli bokschi Bernard Xopkins faoliyatidagi so‘nggi jangida hamyurti Jo Smitga qarshi 79,39 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida WBC versiyasining xalqaro chempionligi uchun kechgan jangda nokautga uchradi, deb xabar bermoqda “Sports.uz”.
27 yoshli Smit 8-raundning 53-soniyasida Xopkinsga ketma-ket zarbalar berib, uni ringdan uchirib yubordi va WBC xalqaro chempioni unvonini qo‘lga kiritdi.
Qayd etish joiz, Bernard Xopkins 2014-yilning noyabridan buyon ringga ko‘tarilmagani qayd etilmoqda. O‘shanda u rossiyalik Sergey Kovalyov bilan to‘qnash kelib, WBA va IBF chempionlik kamarlarini boy bergandi.
Ma’lumot uchun, 51 yoshli bokschi asosiy vaznlarda to‘rtta chempionlikni qo‘lga kiritgan birinchi bokschi va ikki vazn toifasida jahon chempioni bo‘lgan. Xopkins faoliyati davomida 20 marta o‘rta vaznda chempionlik kamarini himoya qilgan. Yarim o‘rta vaznda esa u chempionlik unvonini 3 marta himoya qilgan edi. Bundan tashqari, Xopkins boks tarixidagi eng keksa jahon chempioni hisoblanadi. U 49 yoshida chempion bo‘lgan.
Taqqoslash uchun, Bernard Xopkins 28 yillik faoliyati davomida 65 ta jang o‘tkazib, 55 g‘alaba (32 tasi nokaut bilan), 8 mag‘lubiyat va 2 durangni qayd etgan. Jo Smit professional ringda 24 ta jang o‘tkazgan va 23 tasida (19 tasida nokaut bilan) g‘alaba qozonib, 1 bora mag‘lub bo‘lgan.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)