Isroilning Holon texnologik instituti (HIT) vakillari Toshkent shahridagi Inha universitetida (IUT) bo‘lib, ikki oliygoh o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda “Daryo”ga universitet matbuot xizmati ma’lum qildi.

HIT. Foto: Wikipedia

HIT. Foto: Wikipedia

IUT’da HIT prezidenti, professor Eduard Yakubov hamda uning akademik rivojlanish bo‘yicha o‘rinbosari, professor Motti Xaridim bo‘ldi.

Eduard Yakubov va Motti Xaridim O‘zbekistonga Prezident saylovini kuzatishda ishtirok etish maqsadida tashrif buyurgan edi. Ular O‘zbekistonga saylov kuzatuvchisi sifatidagi tashrifi doirasida Inha universiteti rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida ikki oliygoh rahbarlari bir-biriga o‘quv faoliyati hamda akademik dasturlar yuzasidan axborot berdi. Shuningdek, talabalar va professorlar almashish, qo‘shma loyiha va tadqiqotlar realizatsiyasi yuzasidan fikr almashildi.

Tomonlar anglashuv memorandumi imzolash masalasini ko‘rib chiqishga kelishib oldi.