Yilning sovuq kunlarida chiroyli va qulay bosh kiyim va sharflar yordamida tashqi ko‘rinishingizni yanada jozibali qilishingiz mumkin. To‘g‘ri tanlangan shapka yoki shlyapa nafaqat boshingizni sovuqdan asrashi, balki sizni yanada maftunkor qilishi mumkin.
Birinchi galda ular orasidagi eng ommabop bosh kiyim — to‘qilgan shapkalar haqida so‘z yuritsak.
Ularning zamonaviy va chiroyli ko‘rinishga ega bo‘lgan xillari juda ko‘p. Bunday shapkalarni tanlashning eng muhim jihati, ular boshni juda siqib turmasligi kerak. Yirik to‘qishli bosh kiyim ideal variant hisoblanadi.
Silliq, yopishib turuvchi shapkalar to‘lig‘icha yupqa trikotajdan tikilgan bo‘lsa yaxshi ko‘rinadi. Bunday shapkalar yirik yuz tuzilish va yorqin tashqi ko‘rinish sohibalariga ko‘proq yarashadi. Umuman olganda esa kengroq turadigan shapkalarni tanlashni tavsiya etamiz.
To‘qilgan beretkalar ham ushbu mavsumda ommabop sanaladi. Faqat ularga qat’iy shakl berishga intilmaslik zarur. Shunchaki beretkaning markazini orqaga tashlab qo‘ying.
Shlyapa — mazkur qishning eng aktual aksessuarlaridan biri. Klassik keng soyabonli shlyapa tanlaganingiz ma’qul. Uning rangi turli-tuman, qoradan tortib och pushtigacha bo‘lishi mumkin. Muhimi, uning rangi sizga va ustki kiyim rangiga mos tushsin.
Yana bir muhim jihat, yirik detallar — gullar, kapalaklardan voz keching. Yaltiroq toshlardan xoli, bir rangdagi to‘qilgan shapka eng yaxshi variantlardan biridir.
Tashqi qiyofangizning eng yorqin qismi sun’iy toshlar emas, porlab turgan ko‘zlaringiz bo‘lsin!
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)