O‘zbekiston davlat konservatoriyasida tashkil etilgan 517 va 518-saylov uchastkalarida saylovchilar konstitutsiyaviy huquqidan foydalangan holda ovoz berishda ishtirok etdi. Bu yerdagi saylov jarayonini siyosiy partiyalar, OAV, xalqaro tashkilotlardan vakillar kuzatib bordi, deb xabar beradi O‘zA.
“Men kuzatuvchi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga puxta tayyorgarlik ko‘rilganini yuqori baholayman, — dedi MDH Ijroiya qo‘mitasining kuzatuvchilar missiyasi vakili Olga Kobyakova. — Saylovoldi jarayonlarini o‘rganish maqsadida Samarqand shahrida bo‘ldik. O‘zbekistonga ilk bor kelishim, o‘ziga xos go‘zal va betakror diyorning zamonaviy va obod shaharlari meni o‘ziga maftun etdi. Ayniqsa, Samarqanddagi tarixiy obidalar kishini hayratga soladi. Toshkent shahridagi saylov uchastkalarida saylov jarayonini kuzatdik. Saylovchilar ko‘tarinki kayfiyat bilan saylovda faol ishtirok etganiga guvoh bo‘ldik”.
Toshkentning Mirobod tumanidagi 167-saylov uchastkasiga xalqaro kuzatuvchilar tashrif buyurdi.
“O‘zbekiston Prezidenti saylovini kuzatish uchun kelgan xalqaro kuzatuvchilar qatorida tashkilotimiz vakillari ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi jarayoni bilan yaqindan tanishmoqda, — dedi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining (DIIHB) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish bo‘yicha missiyasi vakili Igor Chamov. — Saylovda xalqingizning birdamligi, hamjihatligi va siyosiy faolligiga yana bir bor amin bo‘ldik. Mamlakatingizga ilk bor kelib, bu tarixiy voqeada kuzatuvchi bo‘lib qatnashayotganimdan xursandman”.
Izoh (0)