30-noyabr, chorshanba kuni mamlakatda ilk bor O‘zbekiston Prezidenti saylovini yorituvchi “Elections.uz–2016” press-klubining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu media maydon mahalliy va chet ellik jurnalistlarga 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovni yoritishga yordam berish maqsadida yaratildi, deb xabar beradi “Gazeta.uz”.
Klubning ochilish marosimida chiqish qilar ekan, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori Akmal Saidov saylovni yoritishda nodavlat OAVning, ayniqsa elektron nashrlarning o‘rni va roli o‘sganini ta’kidlab o‘tdi.
“Press-klubning ochilishi — mamlakatimizning siyosiy yetukligi, O‘zbekiston jurnalistlari darajasining yuqoriligi hamda saylovlarni yoritish bo‘yicha xalqaro standartlarni joriy etishga tayyorligimiz ko‘rsatkichi”, — ta’kidladi Saidov.
Uning so‘zlariga qaraganda, bu nodavlat OAVning saylovni har tomonlama yoritishga tayyorligini ko‘rsatadi.
“O‘zbekistonda birinchi marta navbatdan tashqari saylov o‘tkazilmoqda. Ularda nodavlat OAV yaxshi ishtirok etmoqda, ularning ulushi barcha ro‘yxatga olingan OAVdan 70 foizni tashkil etadi, ro‘yxatga olingan axborot vositalarining umumiy soni esa 1500 ta. Nodavlat OAVning 99 foizini internet nashrlari tashkil etadi”, — qayd etdi Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz rahbari.
Izoh (0)