Afsonaviy futbolchilar — braziliyalik Pele va argentinalik Diyego Maradona bortida Braziliyaning “Shapekoense” jamoasi futbolchilari ketayotgan samolyotning Kolumbiyada halokatga uchrashi munosabati bilan hamdardlik izhor qildi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
“Braziliya futbol oilasi chuqur motamda. Bu fojia. Halok bo‘lganlarning oilalariga hamdardligimni bildiraman”, — deb yozdi Pele Twitter’dagi sahifasida.
“Kolumbidayagi fojiali aviahalokat qurboni bo‘lgan barchaning qarindoshlariga ta’ziyamni yetkazaman. Afsuski, bu yigitlar noto‘g‘ri reys tanladi. Bugundan boshlab men ‘Shapekoense’ muxlisiman”, — deb yozdi Maradona Facebook’dagi sahifasida.
Layner 29-noyabrga o‘tar kechasi La-Unyon shahri yaqinida halokatga uchradi. Havo kemasi bortida 72 yo‘lovchi hamda 9 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Samolyot ichida futbol bo‘yicha Braziliya A seriyasida harakat qilayotgan “Shapekoense” klubining 27 futbolchisi bo‘lgani ham xabar qilingandi.
“Shapekoense” futbolchilari 1-dekabr kuni Kopa Sudamerikano – Janubiy Amerika mintaqasi klublari o‘rtasidagi Kopa Libertadores turniridan keyin nufuzi jihatdan ikkinchi o‘rinda turadigan musobaqasi doirasida “Atletiko Nasyonal” klubiga qarshi maydonga tushishi kerak bo‘lgan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Kolumbiyadagi aviahalokat oqibatida qurbon bo‘lganlar soni 75 kishiga yetdi.
Braziliyada aviahalokat qurbonlari xotirasiga motam e’lon qilindi.
Izoh (0)