Bortida Braziliyaning “Shapekoense” futbol klubi a’zolari bo‘lgan hamda Kolumbiyada halokatga uchragan samolyotdan futbol bo‘yicha Argentina termasi avval foydalangan. Bu haqda “Atletiko Nasyonal” klubi prezidenti Xuan Karlos de la Kuesta Caracol radiosiga bergan intervyusida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “TASS”.
“Ushbu samolyot futbol bo‘yicha Argentina terma jamoasiga ham xizmat qilgan”, – dedi Xuan Karlos de la Kuesta.
Layner 29-noyabrga o‘tar kechasi La-Unyon shahri yaqinida halokatga uchradi. Havo kemasi bortida 72 yo‘lovchi hamda 9 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Samolyot ichida futbol bo‘yicha Braziliya A seriyasida harakat qilayotgan “Shapekoense” klubining 27 futbolchisi bo‘lgani ham xabar qilingandi.
“Shapekoense” futbolchilari 1-dekabr kuni Kopa Sudamerikano – Janubiy Amerika mintaqasi klublari o‘rtasidagi Kopa Libertadores turniridan keyin nufuzi jihatdan ikkinchi o‘rinda turadigan musobaqasi doirasida “Atletiko Nasyonal” klubiga qarshi maydonga tushishi kerak bo‘lgan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Kolumbiyadagi aviahalokat oqibatida qurbon bo‘lganlar soni 75 kishiga yetdi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)